ChatGPTʼda «Hamyon» paydo boʻldi: AI-agentlar xaridni foydalanuvchi nomidan rasmiylashtira oladi
OpenAI Dots AI-agentlari uchun «Hamyon»ni taqdim etdi: funksiya tovar tanlash va buyurtma berishga yordam beradi, ammo hozircha AQShdagi voyaga yetgan ChatGPT Pro obunachilarigagina ochiq.

OpenAI sunʼiy intellekt agentlari Dots uchun «Hamyon» funksiyasini taqdim etdi. Dastlab undan faqat AQShdagi voyaga yetgan ChatGPT Pro obunachilari foydalana oladi. Kompaniya xizmatni sinab koʻrish va takomillashtirish uchun uni cheklangan doirada ishga tushirdi.
Foydalanuvchi «Hamyon»ga bitta yoki bir nechta bank kartasini qoʻshadi, shundan soʻng AI-agentdan mos tovarni tanlash va buyurtma berishda yordam soʻrashi mumkin. Toʻlovdan oldin xarid tarkibi va yakuniy summani tekshirish, shuningdek, kartani tanlash mumkin. Tranzaksiyani yakunlash uchun biometrik tasdiqlash, masalan, Face ID yoki barmoq izi skaneridan foydalanish talab etiladi.
Toʻlov vaqtida ChatGPT karta haqiqiy rekvizitlari oʻrniga token ishlatadi. Shu sababli maʼlumotlar na AI-agentga, na sotuvchiga uzatiladi. Savdo platformasiga buyurtmani bajarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar, jumladan, aloqa maʼlumotlari va yetkazib berish manzili beriladi.
Agentlar orqali qilingan xaridlar bank kartalarining odatiy afzalliklarini saqlab qoladi: foydalanuvchilar keshbek olishi va standart himoya vositalari yordamida tranzaksiyaga eʼtiroz bildirishi mumkin. Kelgusida OpenAI xarajat limitlari va boshqa sozlamalarni, masalan, tovar toifalari yoki vaqt oraligʻi boʻyicha cheklovlarni qoʻshishni rejalashtirmoqda. Bu agentga muayyan xaridlarni mustaqil amalga oshirishga oldindan ruxsat berish imkonini beradi.
Kompaniya, shuningdek, funksiyaga koʻproq chakana savdo sotuvchilarini ulashni xohlaydi. Ayrim savdo platformalari hozircha AI-agentlarning oʻz platformalariga kirishini bloklayapti. Shu sababli OpenAI ular uchun vositalar va tavsiyalarni oʻz ichiga olgan qoʻllanma chiqardi.




