47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

XVJ energiya tariflarini yanada oshirishni qoʻllab-quvvatladi

XVJning doimiy vakili Koba Gvenetadze Oʻzbekistonda tariflarni yanada oshirishni qoʻllab-quvvatladi. 15 noyabrdan suyultirilgan gaz qimmatlashadi, zaif guruhlarga kompensatsiya vaʼda qilindi.

16-noyabr, 18:21По-русски

Read in English

Jamgʻarma bahosiga koʻra, kommunal xizmatlar va energiya resurslari tariflari bosqichma-bosqich xarajatlarni qoplash darajasiga yaqinlashishi kerak. Hozircha ular bu xizmatlarni koʻrsatish xarajatlarini qoplamayapti.

Gvenetadze tarif islohoti inflyatsiyani Markaziy bankning maqsadli darajasigacha pasaytirishni sekinlashtirayotgan omillardan biriga aylanganini taʼkidladi. Avval narxlar oshishi korxonalarga, keyin esa aholiga taʼsir qildi. XVJ hisobicha, past tariflarni saqlab qolish energiya resurslarini ortiqcha isteʼmol qilishni ragʻbatlantirishi va energetika subsidiyalariga budjet xarajatlarini koʻpaytirishi mumkin.

Jamgʻarma vakilining soʻzlariga koʻra, 15 noyabrdan suyultirilgan gaz narxi ham oshadi. Aholining zaif qatlamlari uchun narxlar oshishining taʼsirini qoplashga zarur mablagʻlar ajratiladi.

Markaziy bank raisining oʻrinbosari Nodirbek Achilov davlat koʻmagi manzilli va muddat jihatidan cheklangan boʻlishi kerakligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoki Energetika vazirligi taqdim etadigan subsidiyalar aniq belgilangan oluvchilar toifalariga moʻljallanishi va tugash muddatiga ega boʻlishi kerak.

Markaziy bank tariflar oshishining narxlarga bevosita taʼsirini bartaraf eta olmaydi, biroq uning ikkilamchi oqibatlarini — inflyatsion kutilmalar, ish haqi hamda boshqa tovarlar va xizmatlar narxlaridagi oʻzgarishlarni — kuzatib boradi. Ularni jilovlash uchun regulyator foiz stavkasini yetarlicha yuqori darajada saqlamoqda.

XVJning inflyatsiya haqidagi hisobotiga kiritilgan tadqiqotda aytilishicha, yoqilgʻi subsidiyalari yuqori boʻlgan mamlakatlarda taklif shoklarining inflyatsiyaga taʼsiri taxminan ikki baravar zaifroq boʻladi. Biroq bunday shokdan uch yil oʻtib, u yerlarda birlamchi budjet balansi sezilarli darajada yomonlashadi.