Skydance 6 mlrd dollarlik tejash rejasini bayon etmoqda. Tafsilotlar
Skydance Paramount va Warner Bros. Discovery birlashganidan keyin uch yil ichida xarajatlarni kamida 6 mlrd dollarga qisqartirmoqchi. Kompaniya tejash yoʻnalishlarini maʼlum qildi.

Qisqartirishlarning asosiy qismi — kamida 2,2 mlrd dollar — takrorlanuvchi maʼmuriy va korporativ funksiyalarni bartaraf etish hisobiga amalga oshirilishi kerak. Kompaniya, shuningdek, boshqaruv pogʻonalari sonini kamaytirish, sunʼiy intellektdan faolroq foydalanish va ofislar tarmogʻini optimallashtirishni rejalashtirmoqda.
Skydance marketing va targʻibot xarajatlari hisobidan yana kamida 1 mlrd dollar tejashni kutmoqda. Striming xizmatlari va televideniye infratuzilmasini, jumladan, yordamchi texnologik tizimlarni integratsiya qilish taxminan 1,4 mlrd dollar tejashga olib kelishi kerak. Kompaniya yana shuncha mablagʻni tashqi pudratchilar xarajatlarini optimallashtirish, bir-birini takrorlaydigan xarajatlarni bartaraf etish va xaridlarni markazlashtirish hisobiga tejashni rejalashtirmoqda.
Dasturning bir qismi allaqachon boshlangan. Skydance rasmiy qisqartirishlar boshlanishidan oldin xodimlarga ixtiyoriy ravishda ishdan boʻshash uchun tovon puli taklif qila boshladi va butun ish haftasi davomida ofisda boʻlishni majburiy qildi. Bundan tashqari, Warner Bros. va Paramount rahbarlari kompaniyani tark etdi.
Avvalroq Skydance kelajakda Paramount+ va HBO Max striming xizmatlarini yagona platformaga birlashtirmoqchi ekanini bildirgan edi. Birinchi qadam sifatida kelgusi yil boshida bu xizmatlarning umumiy paket taklifi yanada qulay shartlarda ishga tushiriladi.
Uchinchi chorakdagi moliyaviy natijalar Paramount Skydanceʼning avvalgi tuzilmasiga taalluqli boʻlib, Warner Bros. Discoveryʼni sotib olishni hisobga olmaydi: bitim hisobot davri tugaganidan keyin yakunlangan. Kompaniya yil boʻyicha toʻliq prognozlarni kelgusi yil boshida toʻrtinchi chorak hisobotlari bilan birga taqdim etmoqchi.




