Oʻzbekistonda qishda gaz avvalo uylar, maktablar va shifoxonalarga yoʻnaltiriladi
Vazirlar Mahkamasi 2026–2027-yillar mavsumida gaz taqsimotida aholi va ijtimoiy obyektlarga ustuvorlik berilishini belgiladi. Qaror 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 31-martgacha amal qiladi.

Avvalo turar joylar, maktablar, bolalar bogʻchalari, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obyektlar gaz bilan taʼminlanishi kerak. Qarorda strategik ahamiyatga ega isteʼmolchilarni barqaror taʼminlash choralari ham nazarda tutilgan.
Energetika vazirligi “Uztransgaz” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ va boshqa masʼul tashkilotlar bilan birgalikda mavjud resurslar hamda ob-havo sharoitlarini hisobga olgan holda oʻn kunlik va sutkalik gaz yetkazib berish jadvallarini tuzadi. Har oyning 25-sanasigacha bu jadvallar kuz-qish mavsumini avariyasiz oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun yuboriladi.
Komissiya har oyning soʻnggi kunigacha hududlar va yirik ulgurji isteʼmolchilar boʻyicha keyingi oy uchun gaz yetkazib berish rejalarini tasdiqlaydi. Shu rejalar asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari “Hududgaztaʼminot”ning hududiy filiallari bilan birgalikda gazni tumanlar va shaharlarga taqsimlashni tashkil etadi.
Magistral gaz quvurlaridagi bosim pasaysa yoki mavjud gaz hajmi kutilmaganda oʻzgarsa, taqsimot tezkor ravishda qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Bunda aholi va ijtimoiy obyektlarga berilgan ustuvorlik saqlanib qoladi. Havo keskin soviganda boshqa toifadagi isteʼmolchilar uchun belgilangan tartibda vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin.




