Dunyoda sovitishga talab ilk bor isitishga boʻlgan talabdan oshdi
Xalqaro energetika agentligi dunyoda binolarni sovitishga talab ilk bor isitishga talabdan oshganini bildirdi. Oʻsish jazirama va daromadlar ortishi bilan bogʻlanmoqda.

World Energy Outlook 2026 prognozida agentlik sovitishga ehtiyoj yanada oshishini kutmoqda. Eʼlon qilingan siyosatlarning bazaviy ssenariysi (STEPS) boʻyicha bu ehtiyoj 2035 yilgacha 1 700 TWh ga koʻpayadi.
Jazirama toʻlqinlari tez-tez takrorlanadigan ssenariyda oʻsish bazaviy koʻrsatkichdan 40 foiz yuqori boʻladi, yaʼni talabga yana 700 TWh qoʻshiladi. Bu taʼsir elektr isteʼmoli eng yuqori darajaga chiqadigan paytlarda, konditsiyalash tizimlariga yuklama ham bir vaqtda oshganda, ayniqsa seziladi.
XEA tendensiyani oʻrtacha haroratning koʻtarilishi, ilgari salqinroq boʻlgan hududlardagi ekstremal issiq va daromadlarning ortishi konditsionerlardan foydalanishni qulaylashtirayotgani bilan izohlaydi. Aholi soni va daromadlarning umumiy oʻsishi mobillik, isitish, sovitish va hisoblash quvvatlarini oʻz ichiga oluvchi energetika xizmatlariga talabni qoʻllab-quvvatlab boradi.
Hisobotda Ormuz boʻgʻozi atrofidagi inqiroz energetika siyosati, xatarlar haqidagi tasavvur va foydalanilayotgan texnologiyalar uygʻunligini qanday oʻzgartirishi ham koʻrib chiqiladi. Agentlikka koʻra, choʻzilgan inqiroz energetik xavfsizlik va energiyadan foydalanish imkoniyatiga eʼtiborni kuchaytiradi. XEA ijrochi direktori Fotih Birol energetikaning avvalgi holatiga qaytishning ishonchli ssenariysini koʻrmayotganini aytdi.




