Nyu-York festivalida Oʻzbekiston madaniyati va Buyuk Ipak yoʻli merosi namoyish etildi
Bruklin jamoat kutubxonasidagi xalqaro tillar festivalida Oʻzbekiston madaniyati, anʼanalari va sayyohlik imkoniyatlari taqdim etildi.

19 noyabr kuni Bruklin jamoat kutubxonasida World Language Festival xalqaro tillar festivali boʻlib oʻtdi. Oʻzbek dasturida teatr tomoshalari, milliy madaniyat buyumlari koʻrgazmasi va sayyohlik yoʻnalishlari taqdimoti boʻldi.
Festivalning markaziy voqeasi oʻzbek rassomi Oleg Ovcharenko ijrosidagi «Buyuk Ipak yoʻli» spektakli boʻldi. Teatr obrazlari orqali tomoshabinlarga Oʻzbekistonning Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi qadimiy savdo yoʻlining markazlaridan biri sifatidagi tarixiy roli koʻrsatildi. Shuningdek, Alisher Navoiy asari asosida «Farhod va Shirin» spektakli namoyish etildi.
Koʻrgazmada milliy liboslar, anʼanaviy matolar, kulolchilik buyumlari va xalq ustalari yaratgan mahsulotlar taqdim qilindi. Mehmonlarga Samarqand, Buxoro va Xiva, ularning meʼmoriy yodgorliklari hamda madaniy-maʼrifiy turizm imkoniyatlari haqida soʻzlab berildi. Oʻzbek tili, milliy anʼanalar va davlat ramzlariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbek dasturi Turan American Heritage Association jamoat tashkiloti ishtirokida tayyorlandi. Tashkilot madaniy-maʼrifiy va turizm loyihalari doirasida Oʻzbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi bilan doimiy hamkorlik qiladi.




