47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Sport

Hokimlar huzurida sport maslahatchisi lavozimi joriy etiladi

Prezident qarori Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrida sport maslahatchisi lavozimini joriy etadi. Uni hududiy MOQ boʻlinmasi ijrochi direktori oʻrindoshlik asosida bajaradi.

17-noyabr, 12:54По-русски

Read in English

president.uz

Maslahatchi joylarda ommaviy sportni rivojlantirish va tuman hamda shahar hokimliklari bilan hamkorlik uchun masʼul boʻladi. Uning vazifalaridan biri aholini, avvalo yoshlarni, sport tadbirlariga jalb etishdan iborat.

Infratuzilmasi zaif olis mahallalarda maslahatchi sport inshootlarini qurish uchun sharoit yaratishga koʻmaklashishi kerak. Shuningdek, uning vazifalariga sport maktablari va umumtaʼlim muassasalaridagi seksiyalar tarmogʻini kengaytirish hamda «Prezident Olimpiadasi» musobaqalarining mahalliy bosqichlarini tashkil etish kiradi.

Maslahatchi hududiy terma jamoalarni olimpiya, paralimpiya, osiyo va paraosiyo sport turlari boʻyicha respublika hamda xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ishtirok etadi. Bundan tashqari, u hokimliklarning Sport vazirligi, Milliy olimpiya va paralimpiya qoʻmitalari hamda sport federatsiyalari bilan hamkorligini muvofiqlashtiradi.

Maslahatchini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimlari tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi. Buning uchun Sport vazirligi va Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan kelishish talab etiladi.

Qarorda mamlakatdagi har bir maktabda kamida bittadan sport seksiyasini tashkil etish ham nazarda tutilgan. 2027-yil 1-yanvardan sport musobaqalari gʻoliblari va sovrindorlariga diplom hamda sertifikatlar «ERP sport» tizimi orqali QR-kodli elektron shaklda beriladi.