WhatsApp Androidʼda ichki bepul bulutli zaxira nusxalashni joriy etmoqda
WhatsApp Android beta-versiyasiga oʻzining ichki bulutli zaxira nusxalari omborini bosqichma-bosqich qoʻshmoqda. 2 GB bepul, shifrlash esa sukut boʻyicha yoqilgan.

Yangi funksiya Android uchun WhatsAppʼning 2.26.46.4-versiyasida paydo boʻldi. Hozircha uni faqat ayrim beta-testchilar olmoqda, yaqin haftalarda esa funksiya koʻproq akkauntlarga tarqatilishi vaʼda qilinmoqda. U barcha foydalanuvchilar uchun qachon ochilishi kompaniya tomonidan aniqlashtirilmagan.
Zaxiralash sozlamalarida WhatsApp ombori yoki Google Driveʼni tanlash, keyin esa zarur boʻlsa provayderni almashtirish mumkin. Nusxani WhatsApp serverlarida saqlash uchun uchidan uchigacha shifrlashni yoqish kerak — uni oʻchirib boʻlmaydi. Sukut boʻyicha kirish kalitidan foydalaniladi, biroq uning oʻrniga 64 xonali kalitni tanlash mumkin. Zaxira nusxasi mazmuniga WhatsApp ham, Meta ham kira olmaydi.
Bepul hajm 2 GBni tashkil etadi. WhatsApp Plus obunachilariga 100 GB beriladi, Meta One orqali esa 4 TBgacha tariflardan foydalanish mumkin. Obuna tugaganidan soʻng oxirgi nusxa yana 4 oy saqlanadi; shu vaqt ichida obuna uzaytirilmasa, WhatsApp maʼlumotlarni oʻchiradi.




