47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

Oʻzbekiston va Italiya ekologik baholashda sunʼiy intellektni rivojlantirishga kelishdi

Oʻzbekiston Davlat ekologik ekspertiza markazi delegatsiyasi Italiyada sunʼiy intellekt qoʻllanilishini oʻrgandi va italyan tajribasini ECO-EXPERT.AI tizimiga joriy etishga kelishdi.

16-noyabr, 14:55По-русски

Read in English

2026-yil 16-noyabr kuni Italiyada Oʻzbekiston Milliy ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertiza markazi delegatsiyasining oʻquv tashrifi yakunlandi. Safar Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi koʻmagida amalga oshirildi.

Tadbir Italiya Atrof-muhit va energetik xavfsizlik vazirligi, Atrof-muhitga taʼsirni baholash xalqaro assotsiatsiyasining Italiyadagi boʻlimi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Dastur ekologik baholashda sunʼiy intellektdan foydalanishga bagʻishlandi.

Ishtirokchilar atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholashda sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha Italiya yondashuvlarini koʻrib chiqdilar. Jumladan, delegatsiyaga Marche mintaqasida loyihalarni dastlabki tavsiflash hamda Lombardiyadagi chiqindilarni boshqarish obyektlarini ekologik skriningdan oʻtkazishda ushbu texnologiyalardan foydalanish koʻrsatildi. Bu jarayonlar soha uchun ishlab chiqilgan «Oʻnta prinsip» asosida oʻrganildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar amaldagi axborot tizimlarini integratsiya qilish, Oʻzbekistonda ECO-EXPERT.AI tizimini yaratishda italyan tajribasidan foydalanish va soha mutaxassislari oʻrtasida muntazam tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar. Tashrif, shuningdek, ikki mamlakatning ekologik boshqaruvni raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohalaridagi hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan edi.