Apple Pay milliy kartalar bilan ham ishlay boshladi
Xalq bankining UZCARD va Octobankning HUMO kartalarini Apple Walletʼga qoʻshib, iPhone va Apple Watch orqali kontaktsiz toʻlov qilish mumkin.

Oʻzbekistonda Markaziy bank UZCARD va HUMO milliy toʻlov tizimlari kartalari Apple Payʼga ulanganini maʼlum qildi. Dastlab xizmat Xalq banki chiqargan UZCARD kartalari va Octobankning HUMO kartalari uchun mavjud.
Ushbu banklar mijozlari kartalarini Apple Wallet ilovasiga qoʻshib, iPhone yoki Apple Watch orqali xaridlar uchun kontaktsiz toʻlov qilishi mumkin. Kelgusida boshqa tijorat banklari kartalarini ham ulash rejalashtirilgan. Muddatlar banklar va toʻlov tizimlarining texnik tayyorgarligiga bogʻliq.
Apple Pay Oʻzbekistonda 27-oktabrda rasman ishga tushirilgan. Dastlab xizmat orqali ayrim tijorat banklari chiqargan Visa va Mastercard kartalari bilan toʻlov qilish mumkin edi.




