Oʻzbekiston va Jahon banki yer soliqlarini muhokama qildi
Oʻzbekiston Soliq qoʻmitasi va Jahon banki 17 noyabr kuni yer hamda koʻchmas mulkni soliqqa tortishni muhokama qildi. Tomonlar hamkorlikni davom ettirishga kelishdi.

17 noyabr kuni Oʻzbekiston Soliq qoʻmitasi va Jahon banki yer hamda koʻchmas mulkni soliqqa tortishda shahar infratuzilmasining rivojlanishini qanday hisobga olishni muhokama qildi. Jahon banki delegatsiyasiga Roland Uayt rahbarlik qildi.
Uchrashuv yer qiymati oʻsishidan foydalanish — Land Value Capture (LVC) — sohasidagi texnik koʻmak missiyasi doirasida oʻtkazildi. Ishtirokchilar yer uchastkalari va koʻchmas mulk obyektlarini soliqqa tortishning amaldagi qoidalari, shuningdek, ularning soliq solinadigan qiymatini aniqlash yondashuvlarini koʻrib chiqdi.
Tomonlar soliq tushumlarini shakllantirishda yer va koʻchmas mulk qiymati oʻsishini toʻlaroq hisobga olish hamda shahar budjetlarining daromad bazasini mustahkamlash imkoniyatini muhokama qildi. LVC vositalari bunday oʻsishni infratuzilmani rivojlantirish, transport obyektlarini qurish va shaharsozlik loyihalari bilan bogʻlash imkonini beradi.
Jahon banki xalqaro tajribani taqdim etdi va bu mexanizmlar shaharlarning moliyaviy barqarorligi hamda infratuzilmaga qoʻshimcha mablagʻ jalb etish uchun muhimligini qayd etdi. Keyinchalik tomonlar xorijiy tajribani oʻrganish, Oʻzbekiston uchun mos LVC vositalarini baholash va milliy sharoitlarni hisobga olgan holda tahliliy tadqiqotlar oʻtkazishni rejalashtirmoqda.




