Oʻzbekiston sport maktablari xizmatlari uchun toʻlovlar yagona hisobvaraqka oʻtkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qaroriga koʻra, 2027-yil 1-fevraldan Sport vazirligi muassasalarining pulli xizmatlari yagona hisobvaraq orqali toʻlanadi va elektron nazorat qilinadi.

Buning uchun Markaziy bankning «MUNIS» tizimi «ERP sport» bilan birlashtiriladi. Kelib tushgan mablagʻlar avtomatik taqsimlanadi: 80 foizi muassasaga, 10 foizdan Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Sport vazirligi huzuridagi «Raqamlashtirish va sertifikatlash markazi» MChJga beriladi.
«ERP sport» allaqachon «Raqamli hukumat» tizimiga integratsiya qilingan. Davlat jismoniy tarbiya-sport muassasalari va federatsiyalar u yerga sportchilar, murabbiylar va musobaqalar haqidagi maʼlumotlarni kiritishi kerak. Maʼlumotlarning oʻz vaqtida kiritilishi va ishonchliligi uchun tashkilot rahbarlari javob beradi.
Sport zallari va stadionlarga aqlli kameralar oʻrnatiladi. Sunʼiy intellekt tashrif buyuruvchilar soni, mashgʻulotlar sifati va iqtidorli yoshlarni saralashni tahlil qilib, natijalarni «ERP sport»ga yuboradi. Kameralar va serverlarni 2026–2028-yillarda xarid qilish va oʻrnatish rejalashtirilgan.
MySport ilovasida sport obyektlarini turli tariflarda bron qilish va toʻlash, ularning manzili, narxi, reytingi va aksiyalarini koʻrish mumkin boʻladi. Maktablarda sport toʻgaraklari tarmogʻi kengaytiriladi. Oltita respublika oliy sport mahorati maktabi negizida Olimpiya terma jamoalari markazi tuzilib, sportchilar tayyorgarligini muvofiqlashtiradi va federatsiyalarni qoʻllab-quvvatlaydi.




