Raqobat qoʻmitasi Uchkurgan Textile kompaniyasining Uztex Groupʼni sotib olishiga rozilik berdi
Uchkurgan Textile kompaniyasi trikotaj kiyimlar ishlab chiqaruvchi Uztex Groupʼning 100 foizini sotib olish uchun Oʻzbekiston Raqobat qoʻmitasidan rozilik oldi. Reyestr maʼlumotlariga koʻra, kompaniya tadbirkor Farhod Mamatjanovga tegishli.

Arizani paxta tolasini tayyorlash va ip-kalava ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi Uchkurgan Textile topshirgan. Idoraning maxsus komissiyasi bitim raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi, degan xulosaga kelib, uni maʼqullagan. Xarid qiymati va uni yakunlash muddati oshkor qilinmagan.
Reyestr maʼlumotlariga koʻra, Uchkurgan Textile 2013-yilda Namangan viloyatining Uychi tumanida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Kompaniya «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi tarkibiga kiradi. Uning ustav fondi 40 mlrd soʻmni tashkil etadi, yagona muassis sifatida esa Akmal Zahidov koʻrsatilgan.
Uztex Group 2010-yildan buyon faoliyat yuritadi va trikotaj kiyimlar ishlab chiqaradi. Kompaniyaning ustav fondi 300,56 mlrd soʻmni tashkil etadi. Iyul oyi oxirida Raqobat qoʻmitasi Chirchiqda kiyim tikish bilan shugʻullangan Zarofattex kompaniyasining Uztex Groupʼga qoʻshilishiga ham rozilik bergan.




