47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Oʻzbekiston OQXJ raisligi doirasida 133 loyiha tayyorladi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning 2027–2029-yillardagi OQXJ raisligi davriga moʻljallangan, qiymati 3,3 mlrd dollar boʻlgan 133 loyiha rejasi bilan tanishdi.

10-noyabr, 19:08По-русски

Read in English

Loyihalar suv xoʻjaligi, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohalarini qamrab oladi. Ularda suv xoʻjaligi obyektlarini rekonstruksiya qilish, suv resurslarini taqsimlash va hisobga olishni avtomatlashtirish, shuningdek, gidrometeorologik koʻrsatkichlarni monitoring qilish, toshqin va qurgʻoqchilikni prognozlash hamda erta ogohlantirish uchun raqamli platforma yaratish koʻzda tutilgan. Aholining ichimlik suvi va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish ham alohida yoʻnalish sifatida belgilanadi.

Moliyalashtirish Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamgʻarmasi, Global ekologik jamgʻarma va boshqa tashkilotlar koʻmagida taʼminlanishi koʻzda tutilgan. Mirziyoyev kelgusi yil tadbirlari uchun oylik kesimdagi yoʻl xaritasini tayyorlash hamda loyihalarni amalga oshirishga xorijiy va mahalliy ekspertlar, professorlar va olimlarni jalb etishni topshirdi.

Raislikning ustuvor yoʻnalishlari qatorida OQXJ tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, jamgʻarma organlarining vakolatlarini chegaralash, Afgʻoniston bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda jamgʻarma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan muvofiqlashtirish bor.

Tashabbuslarni ilmiy-tahliliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari milliy tadqiqot universitetiga topshirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun sunʼiy intellektdan foydalanishni kengaytirish, Amudaryo va Sirdaryo havzalari boʻyicha maʼlumotlar bazasini yaratish, choʻllanishga qarshi kurashish loyihalari hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻoniston uchun suv xoʻjaligiga oid dasturlar koʻzda tutilgan. 2027–2029-yillarda OQXJ raisligi Oʻzbekistonga oʻtadi.