47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Samarqandda bolani 85 ming dollarga sotmoqchi boʻlgan ayolga hukm chiqarildi

Samarqand shahar sudi ayolga yetti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi, biroq uni uch yillik sinov muddati bilan shartli deb belgiladi.

18-noyabr, 16:01По-русски

Read in English

Samarqand shahar jinoyat ishlari boʻyicha sudi ayolni odam savdosida aybdor deb topdi. Unga Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «b» bandi boʻyicha ayb qoʻyilgan.

1999-yilda tugʻilgan ayol Samarqanddagi oliy taʼlim muassasalaridan birida oʻqigan va uchinchi farzandini kutayotgan edi. 2026-yil iyulida u bilan Telegram orqali bogʻlangan shaxslar yangi tugʻilgan chaqaloq uchun 70 ming dollardan 90 ming dollargacha taklif qilishgan. Oʻgʻli tugʻilgach, ayol bolani berish fikridan qaytgan, biroq suhbatdoshi uni firibgarlikda ayblovlar yozilgan videoni tarqatish bilan qoʻrqitgan.

Tahdidlar sabab ayol tugʻruqxona manzilini yuborgan. U yerga ikki erkak va bir ayol kelib, chaqaloqni koʻchaga olib chiqishni talab qilgan. Sudlanuvchi shifokorlarga bolaga oʻzi javobgar ekani haqida tilxat yozib, uni mashina yoniga olib chiqqan. Vaʼda qilingan 85 ming dollarni olayotganida, u ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Sudda ayol aybini tan olib, pushaymonligini bildirdi. U eri bilan ajrashgani, farzandlarini yolgʻiz tarbiyalayotgani va sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolari borligini aytdi. Sud bu holatlar hamda uning qaramogʻida uch nafar farzandi borligini inobatga olib, jazoni uch yillik sinov muddati bilan shartli tayinladi.