47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Oʻzbekistonda tez tibbiy yordam va sanitariya aviatsiyasi ishini yagona tizim orqali muvofiqlashtirish taklif qilindi

Oʻzbekistonda ofat tibbiyoti konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, tez tibbiy yordam, sanitariya aviatsiyasi va boshqa tibbiy xizmatlar chaqiriq kelib tushganidan jabrlanganlarni shifoxonaga yotqizishgacha boʻlgan jarayonda harakatlarini muvofiqlashtiradi.

16-noyabr, 18:35По-русски

Read in English

Loyiha Toshkentda Oʻzbekiston, Rossiya, Turkiya va Qozogʻiston mutaxassislari, shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va Koreya xalqaro sogʻliqni saqlash jamgʻarmasi vakillari ishtirokida muhokama qilindi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi direktorining oʻrinbosari Nozimjon Dali­bayevning tushuntirishicha, loyiha amaldagi xizmatlarga tayanadi. Yagona tizim chaqiriqlarni qabul qilish, voqea joyida yordam koʻrsatish, evakuatsiya qilish va jabrlanganlarni shifoxonalarga yetkazish jarayonlarini birlashtirishi kerak.

Amaldagi koll-markazlarni bosqichma-bosqich tezkor boshqaruv markazlariga aylantirish taklif qilinmoqda. Ular chaqiriqlarni brigadalar oʻrtasida taqsimlaydi, brigadalarning yoʻlga chiqishini muvofiqlashtiradi va bemorlarni zarur yordam koʻrsatilishi mumkin boʻlgan shifoxonalarga yoʻnaltiradi. Boshqaruvni uch darajada — respublika, hududiy va mahalliy darajalarda — tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Tizim tabiiy ofatlar, yoʻl-transport hodisalari, yongʻinlar, ogʻir jarohatlar va hayot uchun xavf tugʻdiradigan boshqa vaziyatlarda ishlashga moʻljallangan. Mutaxassislar bahosiga koʻra, uni joriy etish uchun mutaxassislarni tayyorlash, muntazam mashgʻulotlar oʻtkazish, xizmatlarni jihozlash va moliyalashtirish talab etiladi. Loyihani ishlab chiqishda Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlar tajribasi oʻrganildi.