Fitch Andijon viloyatiga BB− reytingini berdi
Fitch Andijon viloyatiga xorijiy va milliy valyutadagi emitent defolti boʻyicha uzoq muddatli reytinglarni «BB−» darajasida, prognozni esa barqaror deb belgiladi.

Reytinglar mintaqaning mustaqil kredit profiliga mos keladi; agentlik bu profilni ham «bb−» darajasida baholagan. Fitch 2026-yil 9-noyabrdagi xabarida viloyatning risk profilini zaif, moliyaviy profilini esa «aa» toifasining quyi chegarasida deb tavsifladi.
Agentlik risk omillari qatoriga daromadlarning markaziy hokimiyat qarorlariga bogʻliqligini, viloyatning tushumlarni mustaqil ravishda oshirish va xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlari cheklanganini, shuningdek, qarz va likvidlikni boshqarishdagi oʻziga xos jihatlarni kiritadi. Soliq stavkalari va tushumlarni budjet darajalari oʻrtasida taqsimlash tartibini markaziy hukumat belgilaydi.
2025-yilda soliqlar viloyat operatsion daromadlarining 49 foizini, transfertlar esa yana 43 foizini taʼminladi. Fitch prognoziga koʻra, qarzni qaytarish koeffitsiyenti 2030-yilga borib eng yuqori darajaga — 8,2 baravarga yetadi. Prognoz davrida qarzga amalda xizmat koʻrsatish qoplanishi oʻrtacha 2,4 baravar boʻlishi kutilmoqda.
Viloyatning qarz kapitali bozorlariga kirishi milliy qonunchilik bilan cheklangan. Vaqtinchalik kassa uzilishlarini qoplash uchun viloyat markaziy hukumatning qisqa muddatli budjet ssudalaridan foydalanishi mumkin. Fitch «BB−» darajasidagi barqaror prognozli oʻxshash reytinglarni Fargʻona va Jizzax viloyatlariga, shuningdek, Toshkentga ham berdi.




