47-hafta · 2026Juma, 20-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekistonda Fargʻona kanali ustidagi koʻprik rekonstruksiyasi yakunlanmoqda

Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida Qirgʻiziston chegarasiga eltuvchi yoʻldagi Fargʻona kanali ustidagi koʻprik rekonstruksiyasi yakunlanmoqda. Uni yaqin kunlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

17-noyabr, 11:33По-русски

Read in English

Koʻprik “Uchqoʻrgʻon — Boʻston — Qirgʻiz Respublikasi chegarasi” D 128 davlat avtomobil yoʻlida joylashgan. Bu yoʻl “Uchqoʻrgʻon — Kengsay” bojxona postiga olib boradi. Rekonstruksiyadan soʻng inshoot kengligi avvalgi koʻprikdagi 9 metr oʻrniga 15 metrni tashkil etadi.

Obyektga asfalt yotqizib boʻlindi, hozir esa uni foydalanishga topshirishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, ushbu yoʻnalishdagi yoʻl ham taʼmirlanib, kengaytirilmoqda. Ishlarni Uchqoʻrgʻon tumani avtomobil yoʻllaridan foydalanish davlat muassasasi bajarmoqda.

Yoʻl taʼmirini ham yaqin kunlarda yakunlash kutilmoqda, shundan soʻng u foydalanishga topshiriladi. Manbaga koʻra, koʻprik va yoʻlning yangilanishi chegara hududidagi transport qatnovini yaxshilashi hamda yoʻlovchi va yuk tashish uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratishi kerak.