Oʻzbekistonda dorilarni retseptsiz toifaga kiritish talablari kuchaytirildi
Oʻzbekistonda dorilarni retseptsiz deb tan olish tartibi oʻzgardi: baholashda xavfsizlik, nojoʻya taʼsirlar va notoʻgʻri qoʻllash xavfi hisobga olinadi.

Oʻzbekistonda 12 noyabr kuni Adliya vazirligi dorilarni retseptsiz toifaga kiritish qoidalariga kiritilgan oʻzgartishlarni roʻyxatdan oʻtkazdi. Endi qaror qabul qilishda tavsiya etilgan dozadan oshib ketish, preparatni suiisteʼmol qilish va qaramlik shakllanishi ehtimoli baholanadi.
Mutaxassislar, shuningdek, mustaqil qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma qanchalik tushunarli ekanini va dori xavfsizligi haqidagi maʼlumotlar yetarliligini tekshiradi. Retseptsiz maqomni ikki yoki undan ortiq faol moddaga ega preparatlar ham olishi mumkin. Ular uchun qoʻshimcha ravishda tarkibiy qismlarning mosligi, taʼsir xususiyatlari va kutilayotgan foydaning mumkin boʻlgan xavflarga nisbati oʻrganiladi.
Hujjatlarni qayta topshirish tartibi ham oʻzgardi. Agar arizachiga avval preparatni retseptsiz toifaga oʻtkazish rad etilgan boʻlsa, u uch yillik muddat tugashidan oldin qayta murojaat qilishi mumkin. Buning uchun rad etish sabablarini bartaraf etish yoki dori xavfsizligi va samaradorligini tasdiqlovchi yangi maʼlumotlarni taqdim etish talab etiladi.
Vakolatli organ yangi ilmiy maʼlumotlar, farmakonazorat natijalari paydo boʻlganda yoki qonunchilik oʻzgarganda preparat toifasini qayta koʻrib chiqishi mumkin.




