NASA Soyuzlarda XKSga parvozlar davom etishini tasdiqladi
NASA va Roskosmos Xalqaro kosmik stansiyaga oʻzaro parvozlar haqidagi kelishuvni uzaytirdi. Amerikalik astronavtlar Rossiyaning Soyuz kemalarida, rossiyalik kosmonavtlar esa Amerikaning pilotli kosmik kemalarida parvoz qilishda davom etadi.

Dastur davom ettirilishi haqida NASA vakili Joshua Finch TASSga maʼlum qildi. Bunday tartib, kemalardan biri navbatdagi ekipajni yetkazib bera olmasa yoki Yerga muddatidan oldin qaytishga majbur boʻlsa ham, stansiyaning Rossiya va Amerika segmentlarida mutaxassislar saqlanib qolishiga yordam beradi.
Har bir segmentda ishlash uchun maxsus tayyorgarlik talab qilinadigan uskunalar bor. Oʻzaro parvozlar stansiyada taʼmirlash ishlarini bajarish yoki uning tashqarisida faoliyat olib borishga qodir mutaxassislar qolmasligi xavfini kamaytiradi.
Kelishuv oʻzaro toʻlovlarni nazarda tutmaydi. U ekipajlarni stansiyaga olib borish va qaytarish, parvozoldi tayyorgarligi, parvozlarni boshqarish, shuningdek, qoʻnish hamda qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlashni qamrab oladi.
NASA va Roskosmos oʻzaro parvozlar haqidagi ilk kelishuvni 2022 yil iyulida tuzgan. 2026 yil oktabr oyi oxirida Roskosmos rahbari Dmitriy Bakanov dasturning Amerika tomoni soʻroviga koʻra 2030 yilgacha uzaytirilganini aytdi.




