Aman Group hashamatli kurortlar tarmogʻi va Capital Group developeri Buxoroni muhokama qildi
Oʻzbekiston Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Aman Group va Capital Group vakillari Vladislav Doronin hamda Pavel Tyo bilan uchrashdi. Ular Buxoroda turizmni rivojlantirishni muhokama qildi.

Doronin xalqaro kurortlar tarmogʻi boʻlgan Aman Groupʼga rahbarlik qiladi, Tyo esa Capital Group direktorlar kengashi vakili. 1998-yilda Shveysariyada tashkil etilgan Aman Group 21 mamlakatdagi 36 ta mehmonxona, kurort va rezidensiyaga egalik qiladi. Kompaniyaning yana 10 ta loyihasi avvalroq eʼlon qilingan.
Mirziyoyeva Oʻzbekiston tarixiy merosga ehtiyotkorona munosabatda boʻladigan xalqaro brendlar bilan hamkorlikka ochiqligini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday tashabbuslar mamlakatning turistik salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi.




