Samarqandda umrani noqonuniy tashkil qilgan firma rahbari ushlandi
Samarqandda umrani litsenziyasiz tashkil etishda gumon qilingan turizm kompaniyasi rahbari ushlandi. DXXga koʻra, u $3 000 olayotganda qoʻlga olingan.

DXX maʼlumotiga koʻra, firma rahbari uch nafar fuqaroga umra qilish uchun safar uyushtirish va diniy amallarni bajarish sharoitlarini taʼminlashni taklif qilgan. Buning evaziga u $3 750 soʻragan.
Samarqand viloyati DXX boshqarmasi xodimlari viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda ushlash tadbirini oʻtkazgan. Gumonlanuvchidan oldindan kelishilgan summaning bir qismi — $3 000ni olayotganda ashyoviy dalillar olib qoʻyilgan.
Holat yuzasidan tergov va tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. DXX bunday qonunbuzarliklar haqida 1520 qisqa raqamiga xabar berishga chaqirdi va xabar beruvchining shaxsi maxfiyligi kafolatlanishini bildirdi.




