WordPress.com egasi sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan ilovalarni nashr etish uchun Spacefastʼni ishga tushirdi
Spacefastʼga sunʼiy intellekt agenti yoki Git-repozitoriyni ulash mumkin. Platforma hosting va SQL maʼlumotlar bazasini taqdim etadi, har bir nashrda esa loyihaning alohida versiyasini saqlab qoladi — unga keyin qaytish mumkin.

WordPress.com va Tumblr egasi Automattic 9 noyabr kuni Spacefastʼdan umumiy foydalanishni ochdi. Servis saytlar va ilovalarni Automattic WordPress.com hamda Tumblr uchun ishlatadigan ayni infratuzilmaga joylashtirish imkonini beradi.
Foydalanuvchi loyihani sunʼiy intellekt bilan suhbat yoki kod muharriri orqali nashrga yuborishi mumkin. Spacefast ChatGPT, Claude, Cursor va boshqa vositalarni qoʻllab-quvvatlaydi. Nashr qilingan versiya doimiy havolaga ega boʻladi. Loyihaning oʻzi sukut boʻyicha yopiq boʻladi, egasi esa taklifnoma, parol yoki havola orqali kirishni ochishi yoxud uni umumiy foydalanishga chiqarishi mumkin.
Ilovaga oʻz domeni va SQL maʼlumotlar bazasini ulash mumkin. Automattic ilovalar foydalanuvchilari uchun ichki autentifikatsiyani keyinroq qoʻshishga vaʼda berdi. DNS oʻzgarishlari hamda oldingi versiyaga qaytish jarayonini sunʼiy intellekt agenti boshlab bersa, ular tasdiqlanishi kerak.
Spacefast shaxsiy loyihalar uchun bepul tarifni taklif qiladi. Servisning pulli qismi infratuzilma bilan bogʻliq, sunʼiy intellektdan foydalanish uchun toʻlovlar esa tanlangan vosita provayderida qoladi. Foydalanuvchi sunʼiy intellekt agentini almashtirsa ham, loyihalar Spacefastʼda qoladi.
Loyihani avval Beeper messenjeri ustida ishlagan Batuhan Ichyoz boshlagan. U dastlabki versiyani Automatticʼning ichki xakatoni vaqtida statik saytlar uchun hosting sifatida yaratgan. Keyinchalik unga server funksiyalari qoʻshildi, sentabrda esa servis sinov tariqasida foydalanish uchun ochildi.




