Turkiya 150 ming dollardan investitsiya uchun 3–5 yillik yashash ruxsatnomasi beradi
2026-yil 18-noyabrdan Turkiyada ishlamaydigan xorijliklar 150 ming dollardan investitsiya qilsa, uch yillik, 200 ming dollardan boshlab esa besh yillik yashash ruxsatnomasini olishi mumkin.

Turkiya prezidentining 11994-son qarori mamlakat rasmiy gazetasida eʼlon qilinganidan soʻng, 2026-yil 18-noyabrda kuchga kirdi. U Turkiyada ishlamaydigan xorijiy investorlar uchun yangi shartlarni joriy etadi.
Mablagʻni Turkiya bankidagi depozitga, davlat obligatsiyalariga, koʻchmas mulk investitsiya fondlari yoki venchur kapital fondlari paylariga, shuningdek, individual pensiya taʼminoti tizimiga kiritish mumkin.
Investitsiyani ruxsatnoma amal qilish muddatining kamida yarmida saqlash kerak. Uch yillik ruxsatnoma uchun bu bir yarim yilni, besh yillik ruxsatnoma uchun esa ikki yarim yilni tashkil etadi.
Ruxsatnomani investorning turmush oʻrtogʻi, voyaga yetmagan farzandlari va qaramogʻidagi bolalari ham olishi mumkin. Biroq yangi dastur fuqarolik toʻgʻrisidagi qonunning 12-moddasi asosida Turkiya fuqaroligini olish huquqini bermaydi.
Ariza topshirish tartibi va dasturga qoʻyiladigan qoʻshimcha shartlarni Turkiya Ichki ishlar vazirligi belgilaydi.




