Toshkentda fuqaroligi boʻlmaganlikni qisqartirishning amaliy choralari koʻrib chiqildi
Toshkentda IIV xodimlari uchun fuqaroligi boʻlmaganlikning oldini olish va uni qisqartirish boʻyicha trening oʻtkazildi. Unda xalqaro standartlar va fuqaroligi boʻlmaganlarni himoya qilish tartibi oʻrganildi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Milliy inson huquqlari markazi va BMTning Qochqinlar boʻyicha oliy komissari boshqarmasi tomonidan 2026-yilga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasi doirasida tashkil etildi.
Ishtirokchilar «fuqaroligi boʻlmagan shaxslar», «fuqaroligi boʻlmaganlik xavfi ostidagi shaxslar» va «fuqaroligi aniqlanmagan shaxslar» tushunchalarini koʻrib chiqdilar. Bunday shaxslarni aniqlash, statistika yigʻish, ularning maqomini belgilash, dalillarning roli va qarorlarni qayta koʻrib chiqish tartibi ham muhokama qilindi. Treningda Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlar tajribasidan ham foydalanildi.
Milliy markaz direktori Akmal Saidovning taʼkidlashicha, ushbu yoʻnalishda BMT QOKB bilan hamkorlik 2021-yildan beri rivojlanmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, 2020-yilda «Fuqarolik toʻgʻrisida»gi qonunning yangi tahriri qabul qilingani bu sohadagi muhim qadamlardan biri boʻldi. 1992–2016-yillarda Oʻzbekiston fuqaroligini 482 kishi olgan boʻlsa, 2016-yildan buyon bu koʻrsatkich 91 ming kishidan oshdi.
Trening yakunida tomonlar xalqaro konvensiyalarning davlat tilidagi tarjimalari, amaliy qoʻllanmalar va Markaziy Osiyo mamlakatlari qonunchiligining qiyosiy tahlilini oʻz ichiga olgan qoʻshma nashrlarni tayyorlashni muhokama qildilar.




