Oʻzbekistonda 2027-yilda taʼlim va sogʻliqni saqlashga qariyb 176 trln soʻm ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-noyabr kuni oʻtkazilgan yigʻilishda byudjet rejalari taqdim etildi: taʼlim va sogʻliqni saqlashga qariyb 176 trln soʻm yoʻnaltiriladi.

Byudjet loyihasida taʼlim uchun 114,3 trln soʻm koʻzda tutilgan — bu avvalgi yilga nisbatan 14 trln soʻm koʻp. Sogʻliqni saqlash xarajatlari 61,4 trln soʻmni tashkil etadi, yaʼni 12 trln soʻmga oshadi.
Yana 70 trln soʻm hududlar va mahallalar infratuzilmasiga, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga, inson kapitalini rivojlantirishga hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirishga yoʻnaltirilishi rejalashtirilmoqda. Bunda asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlab qolish rejalashtirilgan.
2027-yil Davlat budjeti daromadlari 416 trln soʻm, xarajatlari esa 464 trln soʻm darajasida prognoz qilinmoqda. Makroiqtisodiy prognozlarga koʻra, yalpi ichki mahsulotning 7 foizga oʻsishi kutilmoqda, uning hajmi esa 232 mlrd dollarga yetishi kerak. Oltin eksportini hisobga olmaganda, eksportni qariyb 40 mlrd dollargacha oshirish, inflyatsiyani esa 6 foizgacha pasaytirish rejalashtirilmoqda.
2027-yilda 65 mlrd dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish vazifasi ham qoʻyildi. Ustuvor yoʻnalishlar sifatida sanoatni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, eksportni qoʻllab-quvvatlash, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish koʻrsatildi.
Yigʻilishda budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Budjet loyihasi avval mahalliy Kengashlarda koʻrib chiqiladi, shundan soʻng Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.




