Xitoyga chiplar eksportini cheklash AQSh mudofaa qonuniga kiritiladi
Payshanba kuni Nvidia bosh direktori lavozimini tark etgan Jensen Huang atrofidagi mojaro bu tashabbusga qoʻshimcha turtki berdi

AQSh Vakillar palatasi qoʻmitasi raisi Brayan Mast ilgʻor Amerika chiplarini Xitoyga eksport qilishga qoʻyilgan cheklovlar yillik mudofaa qonuniga kiritilishi «ehtimoli juda yuqori» ekanini aytdi.
Mastning maʼlum qilishicha, AQShning yillik mudofaa qonuni paketiga ilgʻor chiplar eksportiga oid uchta qonun loyihasi kiritilishi mumkin. Uning soʻzlariga koʻra, bunga Jensen Huang atrofidagi mojaro qoʻshimcha turtki bergan. Huang payshanba kuni Xitoy uchun ishlagani gumon qilinayotgan shaxs bilan nikohdan tashqari aloqasi haqidagi xabarlar tarqalganidan soʻng Nvidia bosh direktori lavozimini tark etgan.
Qonun loyihalaridan biri — Chip Security Act — kontrabandadan himoyalanishni nazarda tutadi: ilgʻor chiplar joylashuvni tekshirish mexanizmlari bilan jihozlanishi kerak boʻladi. Boshqa hujjat chip ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyilgan cheklovlarni kuchaytiradi va boshqa mamlakatlarni ham shunga oʻxshash choralarni joriy etishga undaydi. Uchinchi loyiha Kongressga sunʼiy intellekt tizimlari uchun ilgʻor chiplarni yetkazib berishga berilgan litsenziyalarni tekshirish imkonini beradi.
AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari eksport cheklovlarini kuchaytirishga sovuqqon munosabatda boʻlgan va Nvidiaʼga Xitoyga kuchliroq chiplarni sotish imkonini bergan bitimlarni maʼqullagan. Mast Savdo vaziri Govard Latnikka boʻlgan ishonchini saqlab qolayotganini aytdi, biroq Sanoat va xavfsizlik byurosida eksport nazoratini boshqarayotgan Jeffri Kesslerga nisbatan ishonchini tasdiqlashdan bosh tortdi.
Qoʻmita raisi, shuningdek, Nvidia atrofidagi vaziyatda byuroning rolini tekshirmoqchi. Mast Huang jamoasi bilan uning qonunchilar oldida chiqish qilishi yuzasidan muzokara olib bormoqda va kompaniyaning sobiq rahbarini bir hafta ichida koʻrishga umid qilmoqda. U muzokaralar toʻxtasa yoki vijdonan olib borilmasa, Huangni chaqiruv qogʻozi bilan chaqirish ehtimolini istisno qilmadi. Nvidia va Sanoat va xavfsizlik byurosi izoh soʻrab yuborilgan murojaatlarga javob bermadi.




