Jizzax viloyatidagi AES uchun suvni Janubiy Mirzachoʻl kanalidan yetkazib berish rejalashtirilmoqda
Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev Forish tumanida qurilayotgan AESni suv bilan taʼminlash masalasi hal qilinganini maʼlum qildi. Asosiy manba Janubiy Mirzachoʻl kanali boʻladi, vazir yillik suv sarfini 1–2 mln kub metrga baholadi.

Oʻzbekistonda Suv xoʻjaligi vazirligi 19 noyabr kuni Jizzax viloyatida qurilayotgan atom elektr stansiyasini suv bilan taʼminlash masalasi hal qilinganini maʼlum qildi. Asosiy manba Janubiy Mirzachoʻl kanali boʻladi, biroq obyekt hududida boshqa suv resurslari ham mavjud.
Hamroyevning baholashicha, AES yiliga 1–2 mln kub metr suv sarflaydi. Uning taʼkidlashicha, stansiya suvdan koʻp marta foydalanishga moʻljallangan, shu bois unga milliardlab kub metr suv kerak boʻlishi haqidagi daʼvolarni u notoʻgʻri deb hisoblaydi. Biroq vazir bu baho ishning dastlabki bosqichiga yoki rejalashtirilgan energiya bloklari ishga tushirilganidan keyingi butun majmuaga taalluqli ekanini aniqlashtirmadi.
Aydarkoʻl suvidan yuqori minerallashuv sababli faqat chuchuklashtirilgandan keyin foydalanish mumkin. Avvalroq «Oʻzatom» stansiya uchun quruq sovitish tizimi tanlanganini maʼlum qilgan: issiqlik suvni bugʻlatish hisobiga emas, issiqlik almashinish qurilmalari orqali havo yordamida chiqarib yuboriladi. Bu texnologiya suv sarfini kamaytiradi, biroq uni butunlay istisno etmaydi — suv texnologik jarayonlar va boshqa ehtiyojlar uchun kerak boʻladi.
Loyiha doirasida 120 km uzunlikdagi texnik suv taʼminoti quvurlari va 21 km uzunlikdagi ichimlik suvi taʼminoti quvurlarini yotqizish rejalashtirilmoqda. Stansiyaning suv olish, qayta foydalanish va qaytarib boʻlmaydigan sarf hajmlari koʻrsatilgan batafsil suv balansi hozircha eʼlon qilinmagan.



