Toshkentda Oʻzbekiston Ziyolilar kengashining ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida Oʻzbekiston Ziyolilar kengashining ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda ilm-fan, taʼlim va madaniyatning mamlakat rivojidagi roli muhokama qilindi.

Toshkentda Ziyolilar kengashi yigʻilishi Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirokida oʻtkazildi. Uning aytishicha, uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan.
U ziyolilar vakillarini xolis fikr bildirish va dadil takliflar kiritishga chaqirib, Kengashni yangi gʻoyalar maydoni deb atadi.
Respublika yigʻilishidan oldin hududlarda olimlar, oʻqituvchilar, yozuvchilar, sanʼat arboblari, shifokorlar, jurnalistlar va yoshlar bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Ularda taʼlim, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, davlat tilini rivojlantirish, ilm-fan, madaniyat hamda raqamli texnologiyalarning jamiyatga taʼsiri muhokama qilindi.
Hududlardagi muhokamalar yakunida tayyorlangan takliflarni Kengashga taqdim etish rejalashtirilgan edi. Yangi maydon jamoatchilik uchun muhim masalalarni muhokama qilishda turli yoʻnalishlardagi mutaxassislar tajribasini birlashtirishi kutilmoqda.



