Shaxmat toji uchun kurash: Sindarov va Gukesh tarixiy bahs oldidan nimalar dedi
Jahon shaxmat toji uchun bahs oldidan Javohir Sindarov va amaldagi chempion Dommaraju Gukesh tayyorgarlik haqida gapirdi. Oʻzbekistonlik imkoniyatlarni teng deb baholadi.

Birinchi partiya 24 noyabr kuni Jenevada oʻtkaziladi. Bahs 14 partiyadan iborat boʻladi. Jahon chempioni unvoni uchun ilk bor bunday yosh ikki grossmeyster bellashadi.
Sindarov Kiprda daʼvogarlar turnirida gʻalaba qozonganidan keyin koʻp musobaqalarda qatnashib, safar qilganini aytdi. Shu bois maxsus tayyorgarlikka u kutganidan kamroq vaqt qolgan. U oddiy turnirlardan asosiy farq sifatida debyutlar — partiyalarning boshlangʻich bosqichlari ustida ishlash koʻlamini koʻrsatdi.
Oʻzbekistonlik Gukeshning variantlarni hisoblash mahorati va murakkab pozitsiyalarda kurashni davom ettirish qobiliyatini qayd etdi. Raqibining soʻnggi muvaffaqiyatsizliklarini uning kuchini aniq koʻrsatuvchi mezon deb hisoblamasligini aytib, chempionlik bahsida Gukesh muvaffaqiyatli oʻynaganini eslatdi. Gukesh esa Jenevaga chempionligini himoya qilish uchun emas, uni qaytadan qoʻlga kiritish uchun kelganini bildirdi.
Sindarov jamoasida uning koʻp yillik murabbiyi Roman Vidonyak, Muxiddin Madaminov va grossmeyster Nikita Vityugov ishlaydi. Shaxmatchi soʻnggi oylarda padel oʻynaganini, oʻzbek tomoni esa jamoa uchun Jenevaga oshpaz olib kelganini ham aytdi. Sindarovning soʻzlariga koʻra, tizimli ish soʻnggi yillarda uning oʻsishiga ayniqsa katta yordam bergan.



