48-hafta · 2026Juma, 27-noyabr 2026-yil
Sport

Sindorov shaxmat toji uchun bahsni boshlaydi

Oʻzbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov 24 noyabr kuni amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi jahon chempioni unvoni uchun bahsning ilk partiyasini oʻynaydi.

23-noyabr, 14:50По-русски

Read in English

Shveytsariyaning Jeneva yaqinidagi Koloniyda jahon shaxmat toji uchun bahs 24 noyabr kuni boshlanadi. Qurʼa natijasiga koʻra, Sindorov qarama-qarshilikni oq donalar bilan boshlaydi.

The Guardian nashri baholashicha, oʻzbekistonlik grossmeyster bahsga favorit sifatida kirishmoqda. Nashr buni uning hozirgi formasi, reytingdagi yuqoriroq oʻrni va oʻzaro uchrashuvlardagi natijalari bilan izohlagan. Sindorov FIDE Jahon kubogi va Nomzodlar turnirida gʻalaba qozonib, jahon chempioni unvoni uchun oʻynash huquqini qoʻlga kiritgan Oʻzbekistonning ilk vakiliga aylandi.

Bahs klassik vaqt nazorati bilan 14 partiyaga moʻljallangan. Birinchi boʻlib 7,5 ochko toʻplagan shaxmatchi gʻolib boʻladi. Agar asosiy bosqichdan soʻng hisob teng boʻlib qolsa, 12 dekabr kuni qisqartirilgan vaqt nazorati bilan tay-breyk oʻtkaziladi.

Sovrin jamgʻarmasi $2,5 mlnni tashkil etadi. Amaldagi chempion Gukesh avval ham jahon toji uchun bahsda qatnashgan. Ochilish marosimida u Sindorovni nihoyatda isteʼdodli va gʻayratli shaxmatchi deb atab, uni «daho» soʻzi bilan taʼriflash mumkinligini aytdi.