Oʻzbekiston Milliy qoʻgʻirchoq teatri 37-xalqaro ertaklar festivalida muvaffaqiyatli qatnashdi
Berlinda Oʻzbekiston Milliy qoʻgʻirchoq teatri 37-«Berlin ertak kunlari — 2026» festivali doirasida maktab oʻquvchilariga «Karvonsaroy» spektaklini namoyish etdi.

22 noyabr kuni Berlin shahrida teatr artistlari spektaklni shahar maktablari oʻquvchilariga Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi binosida namoyish etdi. Tadbirni diplomatlar Märchenland e.V., Sanʼat – Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V. va Kulturbrücke e.V. bilan birgalikda tashkil qildi.
Oʻzbekiston festivalda ilk bor qatnashmoqda. Bu yilgi tadbir 20 mamlakat vakillarini birlashtirdi. Oʻzbek tilidagi spektakl tomoshabinlarni Buyuk Ipak yoʻlidagi karvonlar tarixi, shuningdek, Samarqand va Buxoroning savdo, ilm-fan hamda madaniy almashinuv rivojidagi roli bilan tanishtiradi.
Namoyishdan soʻng oʻquvchilar aktyorlarga savollar berib, milliy qoʻgʻirchoq sanʼati usullarini koʻrdi. Shuningdek, ular diplomatik vakolatxona binosi boʻylab ekskursiyada qatnashib, elchixona tarixi, zamonaviy Oʻzbekiston va mamlakatning madaniy merosi haqida maʼlumot oldi.
Festival doirasida «Karvonsaroy» Blackmoreʼs – Berlins Musikzimmer sahnasida va Felicio qoʻgʻirchoq teatrida ham namoyish etildi. «Berlin ertak kunlari — 2026» 18 kun davom etadi. Dastur 500 dan ortiq madaniy-maʼrifiy tadbirlar, konsertlar va teatr tomoshalarini oʻz ichiga oladi.
Yana oʻqing

Jon Lennon 1968-yilgi avval eʼlon qilinmagan The Beatles suratlarida saksofon chalmoqda
Madaniyat09:53
Disney «Avatar 4» va «Avatar 5» yaratilishini tasdiqladi — filmlar chiqadi
Madaniyat26-noyabr, 16:48
