48-hafta · 2026Juma, 27-noyabr 2026-yil
Siyosat

Oʻzbekiston va Iordaniya strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamladi

Ammanda Oʻzbekiston va Iordaniya strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi. Tashrif yakunida tomonlar 19 ta ikki tomonlama hujjatni qabul qilib, imzoladi.

25-noyabr, 17:20По-русски

Read in English

Ammanda oliy darajadagi muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya qiroli Abdulla II ibn al-Husayn ishtirokida hujjatlarni almashish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tomonlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonotni qabul qildi va strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish haqidagi bitimni imzoladi. Hujjatlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.

Alohida bitim va memorandumlar preferensial savdo, jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam, madaniyat, kreativ industriyalar, arxivlar, ekologiya, energetika hamda suv resurslarini boshqarishga taalluqli. Shuningdek, iqtisodiyot, konchilik, qurilish, raqamlashtirish, oziq-ovqat va dori vositalari nazorati, tibbiyot hamda chorvachilik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Toshkent va Amman, shuningdek, Samarqand va Petra turistik mintaqasi ham hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarni almashdi. Kelishuvlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishni ham nazarda tutadi.