Parkent tumanidagi «Oltin bel» majmuasi negizida 600 ta ish oʻrni koʻzda tutilgan
Toshkent viloyatining Parkent tumanida bir vaqtning oʻzida 6 ming nafargacha kishiga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan «Oltin bel» turistik majmuasi barpo etildi.

«Oltin bel» turistik majmuasi mahalliy loyihachilar va quruvchilar tomonidan, Kumushkanda Boʻstonliq va Zominning turistik hududlaridagi infratuzilmaga teng keladigan obyekt yaratish vazifasi qoʻyilganidan soʻng barpo etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuvda loyihani muhokama qildi. Majmua tarkibiga mehmonxonalar, restoranlar, shalelar, akvapark, amfiteatr va boshqa dam olish obyektlari kiritildi. Loyiha 600 ta ish oʻrnini yaratishni nazarda tutadi.
Xalqaro turizm akademiyasi ishtirokida bu yerda kadrlar tayyorlash kurslari ham tashkil etildi. Majmuani qurish va jihozlash uchun materiallar hamda uskunalarning 95 foizi mahalliy korxonalardan xarid qilindi. Manba maʼlumotlariga koʻra, bu loyiha qiymatini 20 foizga kamaytirdi.
Ushbu tajriba hisobga olinib, Nanay, Xonobod, Chimyonsoy, Muzbuloq, Urgut, Ellikqalʼa va boshqa hududlarda ham shunday obyektlar yaratish taklif qilindi. Mirziyoyev qurilish sohasi va turizm bir-birini toʻldirishi, hududlarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.



