YETB Oʻzbekiston gidroenergetikasiga qariyb 400 mln dollar kiritishni koʻrib chiqadi
YETB va «Oʻzbekgidroenergo» gidroenergetikani rivojlantirish boʻyicha memorandum imzoladi. Dastlabki bosqichda bank qariyb 400 mln dollarlik loyihalarni moliyalashtirishni koʻrib chiqmoqda.

Dastlabki roʻyxatga amaldagi GESlarni modernizatsiya qilish, yangi obyektlar qurish va energetika infratuzilmasini rivojlantirish kiritilgan. Loyihalarning umumiy quvvati 500 MVtgacha yetishi mumkin, biroq roʻyxat hali aniqlashtiriladi.
Tashabbuslarni ishlab chiqish uchun bank va «Oʻzbekgidroenergo» vakillaridan iborat qoʻshma ishchi guruh tuziladi. Kompaniya boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov ishtirokchilar moliyalashtirishni jalb qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun oʻz tajribasi hamda resurslarini birlashtirishini aytdi.
Memorandum imzolanishi mablagʻ ajratish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilinganini anglatmaydi: har bir loyihani moliyalashtirish tomonlarning ichki tartib-taomillariga muvofiq maʼqullanadi. Bank avval Qirgʻizistondagi «Kulanak» GESi qurilishini moliyalashtirishda ishtirok etganini ham bildirgan.
YETB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov va Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev uchrashuvida bankning mamlakatdagi investitsiyalarining umumiy hajmi 2031 yilga borib 3 mlrd dollarga yetishi mumkinligi maʼlum qilindi.



