Toshkent turizm yarmarkasi va investitsiya forumiga tayyorlanmoqda
Toshkentda Xalqaro turizm yarmarkasi va turizm sohasidagi ilk investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrilmoqda. 15 mingdan ortiq tashrifchi kutilmoqda.

Toshkentda 23 noyabr kuni turizm maʼmuriyatlari, xalqaro tashkilotlar, aviakompaniyalar, mehmonxonalar, turoperatorlar va investorlarni birlashtiradigan yarmarkaga tayyorgarlik koʻrilayotgani maʼlum qilindi. Koʻrgazmada 30 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ziyod kompaniya qatnashadi, ekspozitsiya 10 ming kvadrat metrni egallaydi.
Tadbir doirasida turizm sohasidagi ilk xalqaro investitsiya forumini oʻtkazish rejalashtirilgan. Unda 100 dan ortiq yirik investor, 200 nafardan ziyod xorijiy mehmon va 20 dan ortiq mamlakat delegatlari ishtirok etadi. Qatnashchilar mehmonxona va kurort infratuzilmasi loyihalari, turistik zonalar tashkil etish, transport va logistika sohasidagi investitsiyalar, shuningdek, mehmondoʻstlik industriyasi texnologiyalarini muhokama qiladi.
Dasturdan UzAero xalqaro aviatsiya forumi, turizm taʼlimi forumi, Global Media Campus hamda ICCA Association & Business Events Forum ham oʻrin olgan. Madaniy dastur Delicious Uzbekistan va Etno Games festivallari, Souvenirs and Craft Fair Uzbekistan yarmarkasi hamda Silk Road Tourism Awards marosimi bilan toʻldiriladi.



