Oʻzbekistonda 1,3 mln dan ortiq koʻchmas mulk obyektiga huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi
Kadastr agentligi 1,3 mln dan ortiq koʻchmas mulk obyektiga huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganini bildirdi. Kadastr pasportlari va yerlarning elektron xaritalari ham rasmiylashtirildi.

885 671 ta obyekt uchun kadastr pasportlari tayyorlandi. «UZKAD» tizimida yer uchastkalarining jami 42,4 mln gektar maydonni qamrab olgan elektron xaritalari yaratildi. Arxiv hujjatlarini raqamli formatga oʻtkazish davom etmoqda.
Qonun talablari doirasida koʻchmas mulk obyektlari haqidagi maʼlumotlar «EʼTIROF» tizimiga kiritildi. Ulardan 294 398 tasi boʻyicha mulk va ijara huquqlari toʻliq tan olindi. Respublika boʻylab ayrim mahallalarda inventarizatsiya yakunlandi.
«YERELEKTRON» tizimiga yangidan aniqlangan yer uchastkalari qoʻshildi, ulardan 35 582 tasi auksionga chiqarildi. Davlat xizmatlari markazlarida «kadastr maslahatlari burchaklari» faoliyat yuritmoqda. U yerda xizmatlar boʻyicha murojaatlar joyida koʻrib chiqilib, rad etishlarning oldini olishga yordam berilmoqda.



