Samarqand viloyatida Raqamli hokimlik tizimini joriy etish ishlari olib borilmoqda
Samarqand viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tahlil qilish va davlat xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Raqamli hokimlik tizimi joriy etilmoqda. Hududlarda bunday markazlar 2026 yil oxirigacha tashkil etilishi kerak.

Loyiha Oʻzbekiston prezidentining 2026 yil 8 iyuldagi PQ-257-son qarori doirasida amalga oshirilmoqda. Hujjatga koʻra, viloyat markazlarida situatsion markazlar 2026 yil oxirigacha, qolgan shahar va tumanlarda esa 2027–2028 yillarda tashkil etiladi.
Tizim davlat organlarining axborot resurslarini birlashtiradi. Hududlar rahbariyati dolzarb maʼlumotlarni olishi, muammolarni aniqlashi va ularning hal etilishini nazorat qilishi mumkin boʻladi. Unda sunʼiy intellektdan, jumladan, axborotni tahlil qilib, boshqaruv qarorlari uchun tavsiyalar tayyorlay oladigan «Hokimning virtual yordamchisi» modulidan foydalanish koʻzda tutilgan.
Bunday markazlar Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek va Sergeli tumanlarida allaqachon faoliyat yuritmoqda. Sergeli tumanida 17 ta axborot tizimi birlashtirilgan, 46 ta mahalla bilan videokonferensiya aloqasi yoʻlga qoʻyilgan.
Dasturiy taʼminot va tizimlar integratsiyasini UZINFOCOM taʼminlaydi. Infratuzilmani mahalliy hokimliklar yaratadi, majmuaning keyingi xizmat koʻrsatish xarajatlarini ham ular moliyalashtirishi kerak boʻladi. Istiqbolda aholining fotosuratlar va geolokatsiya maʼlumotlarini ilova qilgan holda murojaat yuborishi, ularning koʻrib chiqilishini kuzatishi va javoblar olishi uchun mobil ilova ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.



