48-hafta · 2026Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Toshkentda $64 mlnlik kriptoaktivlar noqonuniy muomalasida gumonlanuvchilar ushlandi

Toshkentning Yashnobod tumanida 64 mln dollardan ortiq kriptoaktivlarni noqonuniy aylantirishda gumon qilingan uch nafar shaxs ushlandi. Jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

25-noyabr, 11:51По-русски

Read in English

Toshkentning Yashnobod tumanida Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari kriptoaktivlar orqali jinoiy daromadlarni legallashtirish sxemasini fosh qilib, uch nafar gumonlanuvchini qoʻlga oldi.

Toshkent shahar IIBB maʼlumotiga koʻra, qoʻlga olinganlar turli mamlakatlar valyutalaridagi mablagʻlarni kriptoaktivlarga almashtirgan va moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan. Gumonlanuvchilardan biri mablagʻlar Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi tadbirkorlardan kelganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, bitta operatsiyadan kunlik foyda 80–100 dollarni tashkil etgan.

Gumonlanuvchilardan sakkizta telefon va ikkita noutbuk olib qoʻyildi. Qurilmalar tekshirilganda, ular orqali 64 mln dollardan ortiq kriptoaktivlar bilan operatsiyalar oʻtkazilgani aniqlandi. Bu qariyb 768 mlrd 380 mln soʻmga teng.

Kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilik buzilgani yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov davom etmoqda.