48-hafta · 2026Juma, 27-noyabr 2026-yil
Madaniyat

2200 yil avval choʻkkan Rim kemasi qoldiqlari noodatiy gidroizolyatsiya usulini ochib bermoqda

Tadqiqotchilar Xorvatiya sohillari yaqinida 2200 yil avval choʻkkan Rim kemasi qoplamalarida qaragʻay smolasi, asalari mumi va gulchangni aniqladi.

26-noyabr, 12:19По-русски

Read in English

sciencedaily.com

Tadqiqotni Fransiya va Xorvatiya mutaxassislari olib bordi. Ular Rim Respublikasi davriga oid Ilovik-Paržine 1 kemasi qoplamasining 10 namunasini tahlil qildi. Gidroizolyatsiya asosi pek deb ham ataladigan ignabargli daraxtlar smolasi edi. Bir namunada qaragʻay smolasi va asalari mumi aralashmasi topildi; qadimgi yunon kemasozlari uni zopissa deb atagan. Mum qoplamani egiluvchanroq qilib, issiq holda surtishni osonlashtirgan.

Smolada mikroskopik gulchang donalari saqlangan. Ularning turi va miqdoriga koʻra olimlar qoplama tayyorlangan yoki surtilgan joy atrofidagi oʻsimliklarni aniqladi. Izlar orasida Oʻrta yer dengizi sohillari va vodiylariga xos oʻsimliklar, shuningdek, olxa, shumtol, pixta va buk bor edi. Bu majmua Istriya va Dalmatiya togʻlari dengizga yaqin joylashgan Adriatikaning shimoli-sharqiy sohiliga xos.

Qoplamalar tarkibidagi farqlar kema toʻrt yoki besh marta taʼmirlangan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Orqa va markaziy qismlarda bir xil qatlam, tumshuqda esa farqli uchta partiya topildi. Avvalgi ballast tahlili kema ehtimol hozirgi Italiyaning janubi-sharqidagi Brindizi — qadimgi Brundiziyada qurilganini koʻrsatgan. Yangi maʼlumotlarga koʻra, qoplamalarning bir qismi shu shahar yaqinida, boshqalari Adriatikaning shimoli-sharqida surtilgan boʻlishi mumkin.