Sirdaryo IES va Fargʻona vodiysini bogʻlovchi L-503 liniyasi tiklandi
Oʻzbekiston Energetika vazirligi 22 noyabr soat 01:21 da Tojikistondagi avariyadan soʻng L-503 liniyasi orqali elektr taʼminoti tiklanganini maʼlum qildi.

Yuqori kuchlanishli liniya Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasini Fargʻona vodiysidagi «Oʻzbekiston» podstansiyasi bilan bogʻlaydi. Uning avariyaviy oʻchirilishi 19 noyabr soat 06:19 da yuz berdi: noqulay ob-havo sabab tayanchlardan biri qulab tushdi, shundan keyin avtomatik himoya ishga tushib, elektr uzatish toʻxtadi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, shikastlangan tayanch relyefi murakkab tepalik hududida joylashgan. Taʼmirlash ishlari kuchli shamol va tungi sovuq sharoitida kecha-kunduz olib borildi. Liniyani tiklashda Oʻzbekiston va Tojikiston vakillari qatnashdi. Mutaxassislar qulab tushgan tayanchni oʻrnatib, elektr taʼminotini qayta boshlashdan oldin zarur sinovlarni oʻtkazdi.
Avariya ayrim isteʼmolchilarda elektr taʼminotida uzilishlarga sabab boʻldi. Taʼmirlash yakunlanguniga qadar Fargʻona vodiysining ayrim hududlarida elektr taʼminotiga vaqtinchalik cheklovlar amal qildi. Shu bilan birga, Fargʻona viloyati elektr energiyasini Novo-Angren issiqlik elektr stansiyasidan energiya uzatuvchi 500 kV kuchlanishli L-524 liniyasi orqali ham oladi.



