Vembanyama 50 ochko va 19 ribaund qayd etdi: «Spurs»ning mavsumdagi 14-gʻalabasi
Viktor Vembanyama «San-Antonio Spurs»ga «Nyu-Orlean» ustidan 114:91 hisobida gʻalaba qozonishga yordam berdi. Jamoa NBAdagi eng yaxshi natija — 14-3 ga tenglashdi.

Vembanyama maydondan yoʻllagan 29 ta zarbasining 20 tasini, jumladan, uch ochkolik 11 ta zarbaning beshtasini aniq amalga oshirdi. U 32 daqiqada beshta blok, toʻrtta toʻp olib qoʻyish va bitta natijali uzatma qayd etdi. «Spurs» soʻnggi 15 uchrashuvdagi 14-gʻalabasini qoʻlga kiritdi.
Basketbolchi 1973/74-yilgi mavsumdan buyon NBAda bir oʻyinda kamida 50 ochko toʻplagan, kamida 15 ribaund qayd etgan, toʻrtta toʻp olib qoʻygan va beshta blok qoʻygan uchinchi oʻyinchiga aylandi. Vembanyamaning shaxsiy ochko rekordigacha ikki ochko yetmadi: u 4 noyabr kuni «Dallas»ga qarshi oʻyinda 52 ochko jamgʻargan edi.
«San-Antonio» «Los-Anjeles Leykers» va «Filadelfiya Siksers» bilan ligadagi eng yaxshi 14-3 natijaga tenglashdi. «Filadelfiya» oʻsha kuni «Milwaukee»ni 132:129 hisobida magʻlub etib, ketma-ket beshinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi. «Baks» esa 1-16 koʻrsatkichi va 13 ta magʻlubiyatdan iborat seriya bilan qoldi. «Spurs» bosh murabbiyi Mitch Johnson Vembanyamaning agressiv boshlaganini taʼkidladi va oʻyin natijasi allaqachon aniq boʻlgach, uni maydondan oldi.



