48-hafta · 2026Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

14 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi uch yilda Britaniyaga mavsumiy ishlarga yoʻl oldi

Migratsiya agentligi maʼlum qilishicha, uch yilda 14 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi Britaniyaga mavsumiy ishlarga yuborildi. Britaniyalik operatorlar nomzodlarni saralash uchun kelishni rejalashtirmoqda.

25-noyabr, 16:59По-русски

Read in English

Shutterstock

23 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi Britaniyaning Adolatli mehnat sharoitlarini taʼminlash agentligi (FWA) vakillari bilan videokonferensiya oʻtkazdi. Tomonlar mavsumiy ishchilarni uyushgan tarzda yollash va ularning mehnat huquqlarini himoya qilishni muhokama qildi.

Britaniyalik operatorlar kelgusi mavsum uchun nomzodlarni saralash maqsadida Oʻzbekistonga kelishni rejalashtirmoqda. FWA vakillari operatorlarning litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish va ishchilar murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi haqida maʼlumot berdi.

Oʻzbekiston tomoni joʻnab ketishdan oldin Buyuk Britaniya mehnat qonunchiligi, shartnoma shartlari, ish va yashash sharoitlari haqida mashgʻulotlar oʻtkazishni taklif qildi. Ishtirokchilar mehnat huquqlari buzilishining oldini olish uchun amaliy maʼlumot almashishni ham muhim deb topdi.

Uchrashuvda memorandumning yangilangan loyihasi va uni imzolashga tayyorgarlik koʻrib chiqildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Britaniya kompaniyalarida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari, muhandislar va ingliz tilini biladigan boshqa mutaxassislarni ishga joylashtirish imkoniyatlarini oʻrganishni taklif qildi. Britaniya tomoni taklifni keyingi muhokama uchun tegishli idoralarga yetkazishga tayyor.