Bu ixcham elektr krossover endi uyni ham, elektr tarmogʻini ham energiya bilan taʼminlay oladi
Leapmotor B10 Design LR elektr krossoveri Avstraliyaning Amber Electric V2G dasturiga qoʻshildi. Tegishli shartlarga rioya qilinganda, egalari batareya quvvatini uyga yoki elektr tarmogʻiga yoʻnaltirishlari mumkin.

Leapmotor Amber dasturidagi ikkinchi avtomobil brendiga aylandi. Dastur elektromobil energiyasidan uyda foydalanish yoki elektr narxi yuqori boʻlgan paytlarda uni tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Hozir dastur Australian Renewable Energy Agency tomonidan ajratilgan qariyb 16,8 mln dollar koʻmagida Avstraliyadagi taxminan 1000 ta xonadonda joriy etilmoqda.
Dasturga ulanish uchun amaldagi Amber obunasi, mos keluvchi ikki yoʻnalishli zaryadlash qurilmasi va mahalliy elektr tarmogʻi operatorining ruxsati kerak. Leapmotor aniqlik kiritishicha, kelishilgan chegaralar doirasida foydalanilganda dasturda ishtirok etish avtomobil va uning batareyasi uchun kafolat xizmatini bekor qilmaydi.
B10 Design LR versiyasi Avstraliyada yoʻl xarajatlarisiz 27 300 dollar turadi. U litiy-temir-fosfat elementlaridan tashkil topgan, sigʻimi 67,1 kVt·soat boʻlgan batareya bilan jihozlangan va WLTP sikli boʻyicha 434 km gacha yoʻl bosa oladi.
Amber ulgurji narxlar va zaryadlashni avtomatik boshqarish tizimidan foydalanadi. Shu sababli egasi zaryadlash yoki energiyani tarmoqqa uzatish vaqtini qoʻlda tanlashi shart emas. Dasturga ulanishning minimal muddati belgilanmagan: avtomobildan odatdagi maqsadda foydalanish mumkin. Biroq ishlab chiqaruvchining V2Gʻni keng koʻlamda qoʻllab-quvvatlashi hozircha kam uchraydi — buning uchun nafaqat mos keluvchi zaryadlash qurilmalari va elektr tarmogʻi talablari, balki ishlab chiqaruvchining ruxsati ham zarur.
Yana oʻqing

Yangi GeForce drayveri qora ekranlarga sabab boʻlmoqda
Texnologiyalar12:51
NASA saraton, mushak atrofiyasi va oʻsimlik yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun uskunalarni XKSga yuboradi
Texnologiyalar10:19
