Oʻzbekistonda OʻRVI bilan kasallanish epidemiologik chegaradan 38,4 foizga past
Oʻzbekistonda OʻRVI bilan kasallanish darajasi epidemiologik chegaradan 38,4 foizga past, deb maʼlum qildi qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekov.

Oʻzbekistonda hozir mavsumiy infeksiyalar bilan kasallanish holatlari har kuni kuzatib borilmoqda, joylarda esa tezkor shtablar faoliyat yuritmoqda. Atabekovning soʻzlariga koʻra, qariyb 40 ta yuqumli kasalliklar shifoxonasi va 165 ta tuman tibbiyot birlashmasi huzuridagi boʻlimlar bemorlarni qabul qilmoqda. Infeksiya qoʻzgʻatuvchilarini aniqlash boʻyicha tadqiqotlar virusologik laboratoriyalarda oʻtkazilmoqda.
Grippning oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xavf guruhiga 6 yoshgacha boʻlgan bolalar, keksalar va homilador ayollar kiradi. Ular uchun hududlarga vaksinalar yetkazib berilmoqda. Maktablar va maktabgacha taʼlim muassasalarida aniqlangan sanitariya talablari buzilishi bartaraf etildi.
Tez tibbiy yordamning 1 721 ta punktida 2 932 ta brigada faoliyat yuritmoqda. Birlamchi boʻgʻin muassasalarida sayyor tibbiy yordam yoʻlga qoʻyildi: tibbiy brigadalar chaqiruvlar boʻyicha borib, bemorlarga uyida yordam koʻrsatmoqda.
Shifokorlar gigiyena qoidalariga rioya qilishni, grippga qarshi emlanishni, alomatlar kuzatilganda uyda qolish va aloqalarni cheklashni tavsiya qilmoqda. Xonalarni muntazam shamollatish, bemorlar va ularga qarayotgan kishilar esa tibbiy niqob taqishi kerak. Kasallik belgilari paydo boʻlganda oilaviy shifokorga murojaat qilish va oʻzini oʻzi davolamaslik lozim.



